Salom Tashkent
Toshkent – Oʻzbekistonning poytaxti – Xitoydan Yevropagacha boʻlgan Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan eng qadimiy shaharlardan biridir. Shahar posyolkasi sifatida, Toshkent haqidagi ilk maʼlumotlar sharq manbalarida miloddan avvalgi II asrda paydo boʻlgan. Xitoy yilnomalarida u Yuni deb atalgan; fors podshohi Shampur I qaydlarida Toshkent vohasi Choch deb nomlangan. Ammo, baʼzi xitoy manbalarida bu hudud Shi deb tilga olingan, arablar esa uni Shosh deb atashgan.
Beruniy va Mahmud Koshgʻariyning yozishicha, Toshkent nomi ilk bor IX-XII asr turkiy hujjatlarida paydo boʻlgan. XV asr Rossiyasida esa shahar Tashkura deb tanilgan. Qadim zamonlardan qulay geografik joylashuvi va moʻʼtadil iqlimi Toshkentni Buyuk Ipak yoʻli boʻylab asosiy manzilgohlardan biriga aylantirgan. Ushbu farazni tasdiqlovchi dalillar sifatida Oʻzbekistonlik arxeologlar tomonidan hozirgi Toshkentning janubida joylashgan va Yuni daryosi suvlari bilan taʼminlangan Shoshtepa posyolkasining qoldiqlari topilgan.
Bu yerda mudofaa devorlarining xarobalari va ularning atrofida pishiq gʻishtdan qurilgan binolarning qoldiqlari topilgan. Qalʼaning tashqi mudofaa devori ostida yerosti yoʻlagi bor edi va u oʻsha davrning harbiy texnologiyalariga muvofiq minorali qismlar bilan qurilgan.
Eski shaharning bosh maydoni – Chorsu – IX asrda paydo boʻlgan. Savdo yoʻllari shaharning barcha darvozalaridan Chorsuga olib borib, asta-sekin savdo koʻchalariga aylangan. Bu maydon Toshkentning transport tuguni va bosh savdo maydoni boʻlgan. Bu yerda joylashgan Koʻkaldosh madrasasi XVI asrda qurilgan.
Hozirgi vaqtda Chorsu hududi rekonstruksiya qilingan. Endi bu yerda GUM, Markaziy shahar dorixonasi, Chorsu mehmonxonasi (u buzilgan, oʻrnida yangi majmua qurilmoqda) va boshqa zamonaviy inshootlar joylashgan. Maydon va savdo rastalari atrofidagi mahallalar (kvartallar), qadimgi davrlardagidek, ularda yashovchi odamlar, turli hunarmandchilik kasb egalarining nomlari bilan atalgan. Masalan, Shayxontohurdagi «Padarkush» mahallasi oldin «Boʻzchi» mahallasi deb atalgan, bu «toʻquvchilar hududi» degan maʼnoni anglatadi (hozir bu Labzak mavzesi). Yonida boshqa mahallalar joylashgan: shimolda — Orqakoʻcha, janubda — Dukchi, Zanjirlik, gʻarbda — Pushtibogʻ, sharqda — Quduqboshi. Degrez (yoki Deroz) mahallasini “quymachi ustalar mahallasi” deb tarjima qilish mumkin.Bu yerda 20 ta choʻyan qozon quysh ustaxonalar boʻlgan. Yaqin atrofda, Sebzorda «Ohanguzar» mahallasi joylashgan, bu “temirchilar mahallasi” degan maʼnoni anglatadi va bu yerda koʻp temirchilik ustaxonalar boʻlgan. Toʻqli Jallob mahallasi esa oʻz nomini bu yerda koʻplab chorvadorlar yashagani uchun olgan.
Toshkent savdogarlar va hunarmandlar shahri boʻlgani sababli, yirik arxitektura inshootlarining aksariyati karvonsaroylar, masjidlar va maqbaralar bilan namoyon boʻlgan.
Hozirgi kunga qadar saqlanib qolgan eng qadimiy binolar — savdo yoʻllari boʻylab qurilgan va solih shayxlar sharafiga qad rostlagan maqbaralardir.
Toshkent tarixining bu yodgorliklari nafaqat ibodat, ehson va savdo uchun joylar boʻlgan, balki kimsasiz yoʻllardagi uzoq safarlarni yashnatib turuvchi goʻzal manzaralar ham boʻlgan. Toshkentning oʻzida va unga olib boruvchi yoʻllar boʻylab 10 ga yaqin shunday maqbara saqlanib qolgan.






































































