Eski versiya
Shrift o‘lchami:
Rang sxemasi:
Tasvirlar:

Toshkent mahallalar devorlarida suratlar bilan bezaydi

2022 yilning 2 mart kuni Toshkent shahar hokimligida “Mahallada duv-duv gap: Mahallalar devorlaridagi rasmlar” loyihasining boshlanishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Furqat Mahmudxo‘jaev jurnalistlar, o‘qituvchi va talabalarni shahar devorlarida suratlarni yaratish loyihasi bilan tanishtirib, tashabbuskorlar ularga maslahat uchun murojaat qilayotganini bildirdi.  Aholidan suratlar uchun munosib manzillarni ko‘rsatish, san'atshunos rassomlardan esa vizual timsollar konsepsiyasi takliflarini tayyorlab topshirish so‘ralmoqda. Loyiha bosqichlari quyidagicha taqsimlangan (muddatlar tahminan keltirilgan va o‘zgarishi mumkin):

Birinchi bosqich – 10 martgacha: suratlar uchun manzillar bo‘yicha takliflarni to‘plash. Taklif etilayotgan joyning fotosuratlari va bo‘lajak surat yaratiladigan ob'ekt va uning manzilini tavsiflovchi bir nechta tushuntirish so‘zlarini Telegramga yuboring: @poytaxt_uz_support.

Bundan keyin komissiya (hokimlik xodimlari va Badiiy akademiya vakillari) eng qiziq manzillarni tanlab oladi. Ularning ro‘yxati birinchi aprelgacha e'lon qilinadi.

Ikkinchi bosqich — 1 aprelgacha: rassomlar tanlangan joylar uchun eskizlarni yaratadilar va moliyaviy xarajatlar smetasini tuzadilar. Takliflar ijodkorlar komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va eng yaxshi ishlar tasdiqlanadi.

Uchinchi bosqich — 15 aprelgacha: eskizlarni muhokama qilish va devorlarning egalari bilan muvofiqlashtirish, Xalq deputatlari shahar Kengashida moliyaviy xarajatlarni tasdiqlash. Homiylar ishtirok etishi maqsadga muvofiq. 

To‘rtinchi bosqich — may oyi: suratlarni yaratish boshlanadi. Yoz faslining boshida shahardagi butun “suratlar galereyasi” tayyor bo‘lishi kerak.

Bu xabar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jurnalistlar Olmaota va Tbilisidan misollar keltirdilar, suratlarning saqlanishi va devorlarning egalari bilan muvofiqlashtirishning jihatlari, eng muhimi, mavzu va mazmun haqida gapirdilar. “Gazeta.uz” jurnalisti Viktoriya Abdurahimova birinchi bosqichda aholi va uy egalari bilan kelishishda muammolar yuzaga kelmasligi uchun yer osti o‘tish yo‘llari, transformator qutilari, kommunikasiya lyuklari va boshqa jamoat bino va inshootlaridan foydalanishni taklif qildi.

Badiiy akademiya akademigi, Arxitektura va qurilish instituti o‘qituvchisi Marina Borodina tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va loyiha uchun eskizlar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishni o‘z zimmasiga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, stilistik jihatdan devor rasmlari tasviriy san'atda alohida o‘rinni egallaydi, ular ko‘proq plakatlarga o‘xshaydi, tasvirlar oson idrok etiladigan, sodda, dolzarb va hissiy bo‘lishi kerak.

Shahar markazida ham, chekkasida ham suratlarni yaratish uchun argumentlar ko‘rib chiqildi. Kiritilgan takliflar orasida eng jozibadorlaridan biri bu suratlar uchun yer usti metro tayanchlarini berishdir.

Biz barcha toshkentliklarni tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz. Bu Toshkent qiyofasi yanada rang-barang bo‘lishiga qaratilgan. 

Loyiha haqida: “Mahallada duv duv gap: Mahalla devorlariga chizmalar” loyihasi tumandagi turar-joy binolari, ijtimoiy soha ob'ektlari, zinapoyalar va boshqa binolar fasadida ko‘rgazmali tasvirlar (chizmalar, murallar, grafikalar va boshqalar) yaratishga bag‘ishlangan. Maqsad Toshkent shahrining 12 ta tumanidagi mahallalarda norasmiy diqqatga sazovor joylarini yaratish va atrofimizdagi voqelikka uyg‘unlik elementini kiritishdir. Loyiha shahar aholisining bevosita ishtirokida amalga oshiriladi, uning barcha bosqichlarida - joy tanlashdan tortib, suratlarni yaratishgacha aholi jalb qilinadi. Rasmlar yaratish uchun san'at oliy o‘quv yurtlari va kollejlar talabalari taklif etiladi. Aholining o‘zi ham suratlarni yaratishi mumkin. Loyihada ishtirok etayotgan barcha rassomlar zarur materiallar bilan ta'minlanadi. Eskizlar va ishtirok etish uchun arizalaringizni Telegramdagi @poytaxt_uz_support manziliga yuboring.

Teglar:
O‘xshash yangiliklar
09.11.2019, 12:28

14.11.2019, 11:21

24.01.2022, 18:07

21.11.2023, 17:45
Toshkentda Respublika Tarmoqlararo Sanoat yarmarka...

Toshkentda Respublika Tarmoqlararo Sanoat yarmarkasi bo’lib o’tadi.

Saytning yangi versiyasini ishga tushirdik, eski versiyaga qaytishni istasangiz, bu yerga bosing

Eski versiya