- Toshkentdan gapiramiz
- 20.08.2026, 14:39
Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish – halol va shaffof davlat xizmati sari muhim qadam
Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish – halol va shaffof davlat xizmati sari muhim qadam
Toshkent shahar hokimligida davlat xizmatida ochiqlik, halollik va qonun ustuvorligini taʼminlash, korrupsiyaning oldini olish hamda manfaatlar to‘qnashuvini barvaqt aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida mutlaqo yangi huquqiy va institutsional tizim shakllantirildi. Bu borada qabul qilingan qonunlar va Prezident hujjatlari davlat organlari faoliyatida ochiqlik, hisobdorlik va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan muhim huquqiy mexanizmlarni belgilab berdi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 iyunda qabul qilingan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni davlat organlari va tashkilotlarida xizmat vazifalarini xolisona bajarishga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatlarni o‘z vaqtida aniqlash, baholash va bartaraf etishning huquqiy asoslarini belgilab berdi.
Mazkur Qonunga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o‘z xizmat vazifalarini amalga oshirish jarayonida shaxsiy manfaatlar davlat yoki jamoat manfaatlariga taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarga yo‘l qo‘ymasligi, bunday vaziyat yuzaga kelganda esa bu haqda belgilangan tartibda o‘zining bevosita rahbariga yoki komplayens xizmatiga maʼlumot taqdim etishi hamda manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish choralarini ko‘rishi shart.
Shuningdek, Qonunning tegishli normalariga muvofiq, davlat xizmatchisi tadbirkorlik subyektlarini mustaqil ravishda boshqarishi, ularning ijro etuvchi organlarida ishtirok etishi yoki xizmat vazifalarining xolis bajarilishiga taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Toshkent shahar hokimligi Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tomonidan shahar hamda tuman hokimliklari xodimlari tomonidan taqdim etilgan ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalar belgilangan tartibda atroflicha tahlil qilindi.
O‘rganishlar davomida deklaratsiyalarda keltirilgan maʼlumotlar davlat reyestrlari, vakolatli organlarning axborot tizimlari hamda boshqa manbalar bilan solishtirildi. Bu esa ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini barvaqt aniqlash va uning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish imkonini berdi.
Amalga oshirilgan tahlillar natijasida jami 167 nafar xodim, jumladan 5 nafari shahar hokimligi, 26 nafari tuman hokimliklari hamda 136 nafari hokimlik tizimidagi tashkilotlar xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga xilof ravishda tadbirkorlik subyektlarini tashkil etganligi yoki ularning boshqaruv organlarida ishtirok etayotganligi aniqlandi.
Ushbu holatlar davlat xizmatida halollik tamoyillarini yana-da mustahkamlash, davlat xizmatchisining maqomiga qo‘yilgan talablarga so‘zsiz rioya etilishini taʼminlash nuqtai nazaridan huquqiy jihatdan baholandi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Toshkent shahar hokimligi Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq tegishli choralar ko‘rildi.
Shuningdek, masʼul xodimlar Odob-axloq komissiyalarida muhokama qilinib, ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi hamda xizmat intizomi, odob-axloq va manfaatlar to‘qnashuviga oid qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etish yuzasidan rasmiy ogohlantirildi.
Zamonaviy komplayens tizimida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarishning asosiy maqsadi xodimni jazolash emas, balki davlat xizmatida xolislik va shaffoflikni taʼminlash hisoblanadi.
Xalqaro amaliyotda ham manfaatlar to‘qnashuvi korrupsiyaning o‘zi sifatida emas, balki korrupsiya xavfini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omil sifatida baholanadi. Shu bois uni o‘z vaqtida aniqlash, deklaratsiya qilish va bartaraf etish eng samarali profilaktik choralardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan farmon va qarorlarida davlat organlarida komplayens-nazorat tizimlarini kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuvini samarali boshqarish va davlat xizmatchilarining halollik standartlarini yuksaltirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Toshkent shahar hokimligida amalga oshirilayotgan mazkur ishlar, avvalo, davlat xizmatida ochiqlik, shaffoflik va qonun ustuvorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Manfaatlar to‘qnashuvini barvaqt aniqlash va uni bartaraf etish orqali davlat xizmatchilarining qaror qabul qilishdagi xolisligi taʼminlanadi, davlat organlariga nisbatan jamoatchilik ishonchi mustahkamlanadi hamda korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillar bartaraf etiladi.
Halollik, shaffoflik va qonun ustuvorligi – samarali davlat boshqaruvining eng muhim mezonlaridir. Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish esa ushbu tamoyillarni hayotga tatbiq etishning eng muhim shartlaridan biri bo‘lib, Toshkent shahar hokimligi bu borada profilaktikaga asoslangan, ochiq va tizimli yondashuvni izchil amalga oshirishda davom etadi.
Toshkent shahar hokimining komplayens
va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat
bo‘yicha o‘rinbosari M.Mirxamidov
❗️Bildirilgan konstruktiv, jumladan, tanqidiy fikr-mulohazalardan so‘ng shahar ko‘chalari qiyofasidagi o‘zgarishlarni yo...
Toshkent shahar hokimi va uning o‘rinbosarlari, shuningdek, tuman hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlarining fuqarolarn...
Har kuni Toshkent shahar hokimligiga o‘nlab fuqarolar o‘z masalasi bilan murojaat qiladi. 2026-yilning birinchi yarim yi...

▫️Sessiyada poytaxtni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi muhokama qilindi. Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Res...