- Toshkentdan gapiramiz
- 30.06.2026, 16:31
Buyuk Ipak yo‘lidagi bekat: tartibsiz kutish hududidan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan qulay infratuzilmagacha
Videoda ushbu bekat hududi avval qanday holatda bo‘lganini yaqqol ko‘rish mumkin.
Aslida bu yer ilgari yo‘lovchilar uchun to‘laqonli bekat emas, balki savdo obyekti egallagan hudud edi. Odamlar avtobusni aynan shu obyekt atrofida kutishga majbur bo‘lgan. Kutish joyi tor va noqulay bo‘lgan, ajratilgan “A” yo‘lagi mavjud emasligi sababli avtobuslar bekatga yaqinlasha olmagan: yengil avtomobillar qatnov qismining chetini egallab, yo‘lovchilarni chiqarish va tushirish jarayoniga xalaqit bergan.
Mazkur bekat jamoat transporti uchun muhim nuqtalardan biri hisoblanadi. Bu yerdan 7 ta yo‘nalishli mikroavtobus hamda 10 dan ortiq avtobus yo‘nalishlari harakatlanadi. Bundan tashqari, ushbu hududdan Toshkent viloyati yo‘nalishida harakatlanuvchi boshqa transport vositalari ham foydalanadi. Har kuni bekatda sezilarli yo‘lovchi oqimi shakllanadi — undan 6 000 nafardan ortiq poytaxt aholisi va mehmonlari foydalanadi.
Bugungi kunda Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida “A” toifasidagi ajratilgan yo‘lak tashkil etildi. Bu avtobuslarning barqarorroq harakatlanishi va bekatga ortiqcha to‘siqlarsiz yaqinlashishiga xizmat qilmoqda.
Avval savdo obyekti egallab turgan, yo‘lovchilar uchun noqulaylik tug‘dirgan eski bekat hududi o‘rnida ikkita zamonaviy bekat konstruksiyasi barpo etildi.
Bekat hududi kengaytirildi. Yangilangan bekat hududining katta maydoni bir vaqtning o‘zida 120 nafardan ortiq yo‘lovchini joylashtirish imkonini beradi hamda odamlarning qatnov qismi chetida to‘planib qolishini kamaytiradi.
Yo‘lovchilarning avtobusga chiqishi va tushishi xavfsizligiga alohida e’tibor qaratildi. Bu yerda avtobus eshiklari balandligiga yaqinlashtirilgan zamonaviy perronlar tashkil etildi. Endilikda yo‘lovchilar avtobusga chiqish uchun qatnov qismiga tushishi yoki to‘xtab turgan avtomobillarni aylanib o‘tishiga hojat qolmaydi.
Shuningdek, hududda yangi plitka qoplamasi yotqizildi, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun qulaylik elementlari nazarda tutildi va jamoat transportini kutish uchun yanada qulay muhit yaratildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur bekat komplekslari bosqichma-bosqich zamonaviy servis va texnologik yechimlar bilan jihozlanadi.
Bunday o‘zgarishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — bekatning asl vazifasini qaytarishdir: u savdo nuqtasi, avtoturargoh yoki avtobuslar harakatiga to‘siq emas, balki yo‘lovchi uchun qulay va xavfsiz joy bo‘lishi kerak.
Zamonaviy bekat — bu xavfsiz chiqish va tushish, qulay kutish hududi, jamoat transporti uchun ustuvorlik va yo‘lovchiga bo‘lgan e’tibordir.

➡️Yoshlik — ulug‘ maqsadlar, dadil g‘oyalar va yangi marralar sari intilish davri.🧑💻Aziz yoshlar, siz — shahrimiz va ...

Yunusobod tumani hokimi A.Saidaliyev «Beshqo‘rg‘on» podstansiyasida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlarini joyida o‘...

🗓️ 27–28-iyun kunlari Toshkent shahrida Summer Fest 2026 yozgi festivali o‘tkaziladi.📍Tadbir Shayxontohur tumanidagi B...

Mirzo Ulug‘bek tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan...