- Toshkentdan gapiramiz
- 25.12.2025, 15:34
O‘zbekiston yoshlari korrupsiyasiz jamiyatda yashashi kerak
O‘ZBEKISTON YOSHLARI KORRUPSIYASIZ JAMIYATDA
YASHASHI KERAK
Korrupsiya jahon miqyosida dolzarb bo‘lgan tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi illatlardan biridir. U har qanday mamlakatning iqtisodiy o‘sishi, ijtimoiy-siyosiy barqarorligi va fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini susaytiradi.
Shu ma’noda, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu jarayonda yoshlar ishtirokining ahamiyati benihoyat kattadir. Chunki yoshlar — kelajakni belgilaydigan, taraqqiyotni ta’minlaydigan va jamiyatda adolat mezonlarini qaror toptira oladigan asosiy ijtimoiy guruhdir.
2025-yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev: “Islohotlarimiz natijadorligi avvalo, sadoqatli, fidoyi va korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodga bevosita bog‘liq. Bu ishda fikri toza yosh avlodni tarbiyalash ustuvor vazifaga aylanishi shart”, - deb ta’kidlab o‘tgan edi.
Darhaqiqat, har bir millatning kelajagini yoshlar belgilaydi. Yoshlarga berilayotgan e’tibor miqyosi millat saviyasini, uning rivojlanish darajasi qanday bo‘lishini ko‘rsatadi.
Shu ma’noda, mamlakatimizda yoshlarga e’tibor nafaqat moddiy va ma’naviy jihatdan, balki ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilayotganligi bilan ham tavsiflanadi.
Yoshlar — har qanday jamiyatning ertasi. Ularning hayot ko‘rish doirasi, fuqarolik pozitsiyasi, bilim va tarbiyasi mamlakatning rivojlanish tezligini belgilaydi. Agar yosh avlod adolat va halollik ruhi bilan kamol topsa, korrupsiyaga mutlaqo toqatsiz munosabat shakllansa, kelajak avlodlar uchun pok jamiyat barpo etish oson kechadi.
Shu boisdan bugungi kunda “Korrupsiyasiz jamiyat” g‘oyasi yoshlar tarbiyasida eng muhim yo‘nalishlardan biriga aylandi.
Korrupsiyaning zarari haqida juda ko‘p gapiriladi. Lekin uning haqiqiy ta’sirini kundalik hayotda ham ko‘rish mumkin. Korrupsiya bor joyda:
- adolat yo‘qoladi;
- teng imkoniyatlar buziladi;
- bilim va mehnat qadri pasayadi;
- jamiyatda davlat hokimiyatiga nisbatan ishonchsizlik kuchayadi.
Bu esa, avvalo, yoshlarning orzu va intilishlariga zarba beradi. Chunki yoshlarning ongida, biron natijaga erishish uchun: yo adolat bilan, yo pora bilan tezlikda natija olish degan tuyg‘u paydo bo‘ladi. Bunday sharoitda mehnat qilishga, o‘qishga, o‘z ustida ishlashga bo‘lgan ishtiyoq yoshlarda so‘nadi.
Shu bois, korrupsiya faqat iqtisodiy yoki huquqiy muammo emas – balki ma’naviy tahdiddir.
Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi va boshqa bir qancha qonunlar qabul qilindi, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha zamonaviy mexanizmlar amaliyotga tatbiq etildi.
Bu jarayonda yoshlarning ishtirokini kengaytirish alohida muhim ahamiyatga ega. Negaki:
1. Yoshlar o‘zgarishlar drayveri bo‘lganligi uchun ularda yangi fikr, yangi dunyoqarash mavjud.
2. Axborot texnologiyalarini yaxshi o‘zlashtirgan yoshlar, korrupsiyani fosh qilishda (e-gov, onlayn shaffoflik platformalari) muhim o‘rin tutadi.
3. Adolatga talabchan bugungi yosh avlod adolat, tenglik, qonuniylik va ochiqlikka intiladi.
4. Korrupsiyadan eng ko‘p zarar ko‘ruvchi qatlam ham yoshlardir.
Shuning uchun “O‘zbekiston yoshlari korrupsiyasiz jamiyatda yashashi kerak” degan g‘oya nafaqat shior, balki umummilliy maqsadga aylanishi lozim.
Mamlakatimizda jismoniy sog‘lom, ma’naviy yetuk, har tomonlama uyg‘un va barkamol rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, intellektual salohiyatga, chuqur bilim va zamonaviy dunyoqarashga ega, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish uchun aniq maqsadga qaratilgan keng ko‘lamdagi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek davlat va jamiyatning barcha kuch va imkoniyatlarini shu yo‘lda safarbar etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tarish – oldimizda turgan eng muhim vazifa hisoblanadi.
Zero, mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kuni, erkin va farovon hayot qurishimiz ham, O‘zbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatidan qanday o‘rin egallashi ham – bularning barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimiz qanday insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liqdir.
Shu munosabat bilan ertamiz kelajagi bo‘lgan yoshlarni “halollik vaksinasi” bilan emlash, ularning korrupsiyaga qarshi faolligini hamda huquqiy ongini oshirish maqsadida, joriy yilda Toshkent shahrida oliy ta’lim muassasalari, maktablar, kollejlarda va uyushmagan yoshlar orasida “Yoshlar korrupsiyaga qarshi”, “Korrupsiya kelajakka tahdid” mavzularida 24 ta targ‘ibot tadbirlar, 33 ta seminarlar va 41 ta ochiq muloqotlar, rasmlar tanlovi shuningdek maktab o‘quvchilari orasida “Biz korrupsiyaga yo‘q deymiz” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida yoshlar orasida “Korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilik fikri” mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazilib, tahlil qilindi va natijasi bo‘yicha chora tadbirlar belgilandi.
Korrupsiyaga qarshi kurash faqat davlat organlarining vazifasi emas, balki mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroning burchi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shuning uchun har bir yosh qonunga hurmat bilan qarasa, o‘qishda va mehnatda halol bo‘lsa, pora berishdan ham, olishdan ham qat’iy bosh tortsa, adolatsizlikni ko‘rib, unga qarshi fikrini ayta olsa, shaffoflik va ochiqlikni talab qilsagina o‘z kelajagini va boshqalar hayotini yaxshilaydi.
Bugungi kunda xalqaro reytinglar, ochiqlik indekslari, investitsion muhit – barchasi korrupsiyadan xoli jamiyatga bog‘liq. Yurt ravnaqi uchun intilayotgan yoshlar esa bu jarayonda yetakchi kuch bo‘lishi zarur.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash milliy maqsad darajasiga ko‘tarildi. “Korrupsiyasiz jamiyat” g‘oyasi yoshlarning hayotida o‘z o‘rnini topsa, davlatimiz adolat va taraqqiyot yo‘lida yanada olg‘a qadam qo‘yadi.
Shu bois, “O‘zbekiston yoshlari korrupsiyasiz jamiyatda yashashi kerak” degan g‘oya bugungi kun talabi bo‘lib, uning amalga oshishi har birimizga bog‘liq. Har bir yosh halol mehnatni qadrlasa, qonunga hurmat bilan yondashsa, pora ham, adolatsizlik ham bir kun kelib yo‘qoladi. Chunki poklik, adolat va halollik — yurtning eng katta qudratidir.
Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Raximova Durdona Shukurrullayevna

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil oxirida «Toshkent shahri joy nomlarining izohli lugʻati» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi, u...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, qaror, farmoyishi va o‘tkazilgan yig‘ilish bayonlarida berilgan topshiri...

Yangihayot tumanidagi nomsiz ko‘cha va mavzelarni nomlash hamda amaldagi ayrim ko‘chalarni qayta nomlash uchun ovoz be...

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosariXaydarov Baxtiyor Xalimovichninghokimlik jamoalarigaM U R O J A A T I&nbs...