Eski versiya
Shrift o‘lchami:
Rang sxemasi:
Tasvirlar:

O'zbekistonda turizm sohasida korrupsiyaga qarshi kurash

O‘ZBEKISTONDA TURIZM SOHASIDA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH

 

So‘nggi yillarda Toshkent shahri nafaqat mamlakatimizning siyosiy va iqtisodiy markazi, balki zamonaviy va jozibador turizm markazlaridan biriga aylanib bormoqda.

Bugun poytaxtga qadam qo‘ygan har bir sayyoh zamonaviy infratuzilma, o‘ziga xos madaniy muhit va qadim tarix uyg‘unlashgan shahar manzarasini ko‘radi.

Bu o‘zgarishlarning zamirida esa davlat siyosati darajasida turizm sohasiga berilayotgan katta e’tibor yotadi. 

Keyingi yillarda Toshkentda barpo etilgan yangi mehmonxonalar, zamonaviy xostellar, xalqaro standartlarga mos servis markazlari turistlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Shaharning tarixiy qismi — Eski shaharda ta’mirlangan yo‘llar, piyodalar hududlari va madaniy obyektlar sayyohlar oqimini yanada oshirmoqda. Xususan, yaqinda ish boshlagan “Islom sivilizatsiyasi markazi” va “Xastimom” majmuasi sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Samarqandning ko‘k gumbazlari, Buxoroning xazinaga to‘la ko‘hna ko‘chalari, Xorazmning afsonaviy qasrlari va Farg‘ona vodiysining go‘zal gulzorlari – bularning barchasi yurtimizning betakror qiyofasini yaratadi.

Biroq, bu soha ravnaqining o‘zgacha dushmani bu korrupsiya illatidir.

Korrupsiya turizmda faqat qonunbuzarlik emas, balki mehmondo‘stlikka, xalqimizning yuz-ko‘ziga, Vatan sharafiga ham putur yetkazadi. Chunki har bir turist birinchi navbatda mamlakatning xavfsizligiga, adolatning mavjudligiga, xizmatlar shaffofligiga ishonib keladi.

Ba’zan esa, afsuski, ayrim xodimlarning g‘arazli xatti-harakatlari natijasida, sayyohlarda mamlakatimizga nisbatan noxush taassurot qoladi.

Turizm sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya va ruxsatnomalar olishda sun’iy qiyinchiliklar, sayyohlarga oldindan kelishilgan sharoitlarda sayyohatlarni tashkillashtirib bermaslik, do‘konlarda sayyohlarni (turist) aldash, ayrim gidlarning yashirin komission to‘lovlari, tenderlarda “o‘z odamini” o‘tkazish – bularning barchasi korrupsiyaning ko‘rinishlaridir.

Shukurki, so‘nggi yillarda bu kabi illatlarga qarshi jiddiy kurash yo‘lga qo‘yildi. Turizm sohasini tubdan rivojlantirish jarayonida davlatimiz nafaqat infratuzilmani, balki adolat va shaffoflik muhitini ham mustahkamlashga e’tibor qaratmoqda.

Avvalambor, litsenziya va ruxsatnomalarni olish tartibi elektron tizimga o‘tkazildi. Bu borada eng katta yutuq – inson omili kamaydi, demak, pora va “kelishib olish”ga chek qo‘yildi.

Hozirda turoperatorlik litsenziyasi yoki mehmonxona sertifikatlarini olish uchun oddiy internetga kirishi kifoya – arizalar elektron ravishda ko‘rib chiqiladi, natija ham onlayn taqdim etiladi.

Shu bilan birga, har bir mehmonxona, gid, turfirma haqidagi ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar platformasiga joylashtirildi.

Bu nima degani? Demak, har bir turist xizmat sifati, xizmat ko‘rsatuvchining tajribasi va litsenziyasi haqida oldindan xabardor bo‘ladi.

Hozirda to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan siyosiy-huquqiy hujjatlar, ma’muriy islohotlar va “inson omili”ni kamaytirishga qaratilgan “raqamlashtirish” jarayonlari misolida ko‘rish mumkin.

Ta’kidlash lozimki, korrupsiya nafaqat davlatning yoki jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun, balki har bir shaxsning hayotiga bo‘lgan xavfdir. Zero, har bir davlatning taraqqiyoti avvalo inson kapitali bilan uzviy bog‘liq. Shu ma’noda, davlat taraqqiyoti va korrupsiyaga qarshi kurashish — alohida qutblar emas, balki manfaatlar uyg‘un bo‘lgan doimiy tarzda kesishuvchan va o‘zaro to‘ldiruvchan nuqtalardir.

Bugungi kunda sohada nazorat mexanizmlari ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Turizm qo‘mitasi va jamoatchilik tashkilotlari tomonidan doimiy monitoring o‘tkazilmoqda. Turistlar uchun onlayn xizmatlar, tezkor murojaat kanallari ishga tushganligi, har bir shikoyat jamoatchilik nazoratida bo‘layotganligi, turizmga mas’ul shaxslarni yanada mas’uliyatli bo‘lishga undaydi.

Raqamlashtirish esa yangi davrdagi eng samarali quroldir. Mehmonxonalarda onlayn-kassa, elektron bron qilish, elektron gid ID-kartalari, chiptalar va soliq monitoringi – bularning barchasi noqonuniy pul aylanmasiga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.

Albatta, korrupsiyaga qarshi kurash – bu bir kunlik amal emas. Bu uzluksiz, sabrli va qat’iyatli harakatdir. Lekin shuni ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston bu yo‘lda to‘xtovsiz ilgarilab bormoqda. Chunki (turizm) mehmon kutish – bu nafaqat iqtisodiy manfaat, balki xalqimizning yuzi, yurtimizning sharafi, bobolarimizdan qolgan buyuk merosdir.

Turizm sohasida shaffoflikni ta’minlash, O‘zbekistonning jahon miqyosidagi nufuzining oshishiga, turistlar oqimining ko‘payishiga olib keladi. Shu bois turizmda korrupsiyaga qarshi kurash nafaqat huquqiy, balki iqtisodiy va ma’naviy zaruratdir.

Korrupsiyasiz, adolatli, shaffof turizm – bugungi global raqobat davrida yurtimizning eng muhim ustuni bo‘lmog‘i shart. Mehmondo‘stlik – bizning azaliy himmatimiz. Unga dog‘ tushirmaslik uchun har bir xodim, har bir tashkilot va har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi zarur.

Chunki, poklik va adolat – xalqimizning yuragida bor qadriyat. Shu bois turizmda korrupsiyaga qarshi kurash – bu nafaqat qonun talabi, balki milliy burch, ma’naviy mas’uliyatdir.

Umuman olganda, turizm sohasida korrupsiyaga qarshi kurash –uzluksiz jarayon bo‘lib, uning samarasi davlat organlari, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatining birgalikdagi sa’y-harakatlariga bog‘liq. O‘zbekistonda bu yo‘nalishdagi ishlarning tizimli va qat’iy olib borilayotgani esa sohaning barqaror rivojlanishiga keng yo‘l ochmoqda.

Yana bir muhim jihat. Aksariyat rivojlangan, shu jumladan korrupsiya darajasi minimal bo‘lgan davlatlarda ushbu illatga qarshi kurashishda asosan preventiv uslublar qo‘llaniladi.

Bu shuni anglatadiki, avvalo korrupsiyani keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlar, ya’ni uning “o‘chog‘i”ga barham berish kutilgan natijani beradi. Boshqacha aytganda, barcha sa’y-harakatlar oqibatlarga emas, balki korrupsiogen omillarga qaratilishi lozim.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, korrupsiyaga qarshi kurash bu uzoq istiqbolga mo‘ljallangan va muayyan jamiyatda yashovchi har bir shaxsdan katta mas’uliyat talab etadigan jarayondir.

Zero, mamlakatimiz Rahbari o‘z ma’ruzasida ta’kidlaganlaridek, “korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir”.

 

 

Tadjiyev Sandjar Shuxratovich

hokimning turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari

Teglar:
O‘xshash yangiliklar
Toshkent hokimi Shavkat Umurzakov bilan Nyu-York meri Erik Adams o‘rtasidagi uchrashuv
20.11.2025, 10:59
Toshkent hokimi Shavkat Umurzakov bilan Nyu-York m...

Toshkent hokimi Shavkat Umurzakov bilan Nyu-York meri Erik Adams o‘rtasidagi uchrashuvToshkent shahar hokimiyatida poyta...

Toshkent shahridagi bozorlar hududida videotasvirga olishning yangi qoidalari bo‘yicha tushuntirish
19.11.2025, 10:39
Toshkent shahridagi bozorlar hududida videotasvirg...

Toshkent shahridagi bozorlar hududida videotasvirga olishning yangi qoidalari bo‘yicha tushuntirishIjtimoiy tarmoqlarda ...

Bugun  «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganligiga 34 yil to‘ldi.
18.11.2025, 11:38
Bugun «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog...

Davlatimiz Bayrog‘i milliy o‘zligimiz timsoli, yurtimiz nomi, shonini dunyo uzra tanituvchi asosiy ramzlarimizdan biridi...

Bir kelib-keting, Toshkentimizga!
12.11.2025, 13:28
Bir kelib-keting, Toshkentimizga!

Bir kelib-keting, Toshkentimizga!

Saytning yangi versiyasini ishga tushirdik, eski versiyaga qaytishni istasangiz, bu yerga bosing

Eski versiya