- Toshkentdan gapiramiz
- 14.12.2024, 15:27
Vyetnamning Rox Group kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Vyetnamning Rox Group kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Bugun Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov "Rox Group" (Vyetnam) kompaniyasi asoschisi Tuan Chan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda "Toshkent invest kompaniyasi" AJ boshqaruvi raisi Bahrom Shakirov, Toshkent shahar investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Azizxon Shavkatov hamda boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etdilar.
Shavkat Umurzakov xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda shahar erishgan yutuqlarni taqdim etib, O‘zbekistonning "yashil" energetikani rivojlantirish va energiya resurslari mustaqilligini ta’minlashga intilishini ta’kidladi. U Toshkentning yirik jahon brendlari uchun jozibador markazga aylanayotganini, bu esa shaharning iqtisodiy siyosatiga bo‘lgan ishonchning yuqoriligini ko‘rsatishini qayd etdi. Aholi sonining tez o‘sishi va uy-joy fondini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish, fuqarolarning to‘lov qobiliyatini mustahkamlash va shahar yalpi ichki mahsulotini sezilarli darajada oshirish borasidagi yutuqlar ham ta’kidlab o‘tildi.
Hokim kichik va yirik biznesni qo‘llab-quvvatlash, xomashyoni mahalliylashtirish va shahar iqtisodiyotini modernizatsiya qilishda yangicha yondashuvlarga urg‘u berdi. Shuningdek, u istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun kapitalni faol jalb qilayotgan va xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikdagi to‘siqlarni bartaraf etishda samarali vosita bo‘lib xizmat qilayotgan Toshkent investitsiya kompaniyasi (TIK) faoliyati haqida ma’lumot berdi. Yosh va jadal rivojlanayotgan shaharning qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorligi alohida ta’kidlandi. Tuan Chan, o‘z navbatida, samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Toshkent bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. U asosiy yo‘nalishlar qatorida turar-joy, tijorat va sanoat ko‘chmas mulklarini rivojlantirish, mehmonxonalar qurish, yashil energetika loyihalari, shuningdek, moliya va bank sektorlaridagi hamkorlikni kengaytirishga investitsiyalarni kiritishni sanab o‘tdi.
Tomonlar Toshkent va Vyetnam o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ladigan qo‘shma loyihalarni aniqlashtirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun: Rox Group 30 yildan ortiq ish tajribasiga ega ko‘p tarmoqli investitsiya xoldingi hisoblanadi. Rox Group faoliyatining asosiy yo‘nalishlari shahar va sanoat parklarini rivojlantirish, ko‘chmas mulkni boshqarish, savdo va xizmatlar, mehmonxona biznesi, energetika, shuningdek, moliyaviy va bank xizmatlarini o‘z ichiga oladi. Kompaniya gumanitar qadriyatlar va barqaror rivojlanishga alohida e’tibor qaratgan holda, innovatsiyalarni faol joriy etmoqda va xalqaro hamkorlikka intilmoqda.

Toshkentda Respublika Tarmoqlararo Sanoat yarmarkasi bo’lib o’tadi.