- Toshkentdan gapiramiz
- 14.03.2022, 10:34
Fuqarolar qabuli: murojaatlar mutasaddilar e'tiborida
Toshkent shahar hokimligida fuqarolarning navbatdagi qabuli bo‘lib o‘tdi. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi shahar boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jaev boshchiligidagi qabulda tuman hokimlari o‘rinbosarlari, tegishli boshqarma va tashkilotlar mas'ullari ishtirok etdi. Fuqarolar muurojaatlari mutasaddilar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilib, ularni yechish masalasi muhokama etildi. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar va kam ta'minlangan oilalarga uy-joy ajratish, nogironlarga tadbirkorlik qilishi uchun ko‘mak berish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalar shular jumlasidandir.
Chilonzor tumani “Bekto‘pi” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi M.I. I-guruh nogironi bo‘lib, ko‘zlari yaxshi ko‘rmaydi. Onasi, aka va ukalari bilan birga yashaydi. Uy-joyga muhtoj. Shu bilan birga, ishsiz bo‘lib, o‘ziga mehnat qila oladigan ish izlayapti.
Qabulda ushbu murojaat yuzasidan Chilonzor tuman hokimligi mutasaddilariga uy-joy ta'minoti masalasini ko‘rib chiqish, shu bilan birga, fuqaroga ish topib berish vazifasi yuklatildi. Masala ijrosi nazoratga olindi.
Mirobod tumani Fidokor ko‘chasida yashaydigan N. N. o‘zi istiqomat qiladigan ko‘p qavatli uydagi uy-joy mulkdorlari shirkati joylashgan joy uchun kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda yordam so‘radi. Murojaat mas'ullar va masalaga tegishli mutaxassislar bilan ko‘rib chiqilgach, fuqaroga tushuntirish berildi. Xususan, ayni paytda tegishli idoralar tomonidan ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatadigan uy-joy mulkdorlari shirkatlari va boshqa tashkilotlarning joylari uchun kadastr hujjatlarining me'yoriy tartiblari tayyorlanayotgani bildirilib, bu ish nihoyasiga yetgach, albatta, kadastr hujjatlari berilishi ma'lum qilindi.
Yangihayot tumani “Yo‘ldosh-9” mavzesida yashaydigan Ye.K. esa fuqarolar qabuliga muammo bilan emas, balki tuman hokimiga minnatdorchilik bildirgani keldi. Uning aytishicha, bir guruh fuqarolar tuman hokimi Hayot Inog‘omov faoliyatidan mamnun. Masalan, obodonlashtirish, kommunal sohadagi ijobiy o‘zgarishlar, shuningdek, odamlarning ko‘plab muammolari hal etilayotganligini bildirdi.
Shuningdek, fuqarolar qabulida boshqa ko‘plab murojaatlar ham ko‘rib ko‘rildi. Ularning barchasini qonun doirasida hal etish, aholining qonuniy haq-huquqlari ta'minlanishiga e'tibor qaratildi.
Barcha murojaatlarning ijrosi nazoratga olinib, mas'ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Bir qator fuqarolarga esa tushuntirish va tavsiyalar bildirildi. Belgilangan rejaga ko‘ra, shahar va tuman hokimliklarida fuqarolar qabullari davom etmoqda.

Toshkentda Respublika Tarmoqlararo Sanoat yarmarkasi bo’lib o’tadi.