- Toshkentdan gapiramiz
- 12.08.2025, 17:48
Toshkent shahrida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jarayoni to‘liq raqamlashtirilmoqda
Toshkent shahrida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jarayoni to‘liq raqamlashtirilmoqda
Toshkent shahar hokimligida maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish jarayonini raqamlashtirish masalasi muhokama qilindi. Yig‘ilishni shahar hokimligining Axborot texnologiyalari masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri Bobur Abdurahimov olib bordi va yangi tizim – “Toza Poytaxt” dasturiy ta’minoti bilan ishtirokchilarni tanishtirdi.
Ushbu tizim orqali chiqindi yig‘ish texnikalari mahallabay va belgilangan grafik asosida jalb etiladi. Jarayonda Ekologiya qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Milliy gvardiya va mahalla yettiligi o‘z hududlariga mas’ul bo‘ladi.
“Toza Poytaxt” dasturiy ta’minoti ertadan “Olmazor” tumanida sinov tariqasida ishga tushiriladi, 1 sentyabrga qadar qolgan tumanlarga ham bosqichma-bosqich joriy etiladi. Loyihaning asosiy maqsadi – chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish jarayonini nazorat qilish orqali shahar tozaligini ta’minlash, texnikalar ishini monitoring qilish va xizmat sifatini oshirish.
Yangi tizim orqali mahallaning ichki ko‘chalarida texnikalar harakatini kuzatish, chiqindi hajmini hisoblash, yuridik tashkilotlarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini baholash, markaziy va ichki ko‘chalardagi sanitariya holatini monitoring qilish mumkin bo‘ladi. Barcha ma’lumotlar avtomatik tarzda yig‘iladi, inson resurslariga ehtiyoj qolmaydi. Bajarilmagan ishlar va chiqindi olib chiqib ketilmagan manzillar ham avtomatik qayd etiladi.
Yig‘ilishda Toshkent shahar Mahallalar uyushmasi rahbari Furqat Mahmudxo’jayev mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va tizim mahalla raislari hamda mahalla yettiligi uchun katta yordam bo‘lishini ta’kidladi. “Maxsustrans” davlat korxonasi, Ekologiya qo‘mitasi va Milliy gvardiya vakillari ham o‘z fikr va takliflarini bildirishdi.

Toshkentda Respublika Tarmoqlararo Sanoat yarmarkasi bo’lib o’tadi.