- Toshkentdan gapiramiz
- 20.06.2025, 09:46
Ochiqlik va shaffoflik korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim vositalaridan biri

Davlat hokimiyati organlarining jamoatchilik oldidagi ochiqligi va shaffofligi bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi.
Respublikamizda davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi fuqarolar va davlat organlari o‘rtasidagi doimiy va sifatli aloqa vazifasini bajaruvchi muhim elementlardan biridir.
Axborot texnologiyalarining rivojlanishi va ularning barcha sohalariga keng joriy etilishi natijasida davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi munosabatlar rivojlandi, korrupsiyaning oldini olishga muhim qadam bo‘ldi.
Davlat boshqaruvida shaffoflik tushunchasi yana-da masʼuliyatli va samarali faoliyat yuritish uchun asos bo‘lib, bu maʼmuriy boshqaruv nazariyasida muhim yutuq hisoblanadi.
Ochiqlik va shaffoflik haqiqatdan ham korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim vositalaridan biri bo‘lib, u:
1. Hisobdorlikni oshiradi;
2. Korrupsiya uchun imkoniyatlarni kamaytiradi;
3. Jamoatchilik ishonchini mustahkamlaydi;
4. Maʼlumot olish imkoniyatini taʼminlaydi.
Shu sababli, ko‘plab davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyalarida ochiqlik va shaffoflikni ustuvor vazifa sifatida belgilaydilar.
Mustaqillikdan keyingi yillarda Davlat tashkilotlarining barchasi fuqarolar uchun yopiq bo‘lgan, ko‘pchilik fuqarolarning ommaviy axborotdan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev rahnamoligida ochiqlik va korrupsiyaga qarshi kurashni tartibga soluvchi qonunchilikning ishlab chiqilishi, albatta shu vaqtgacha bo‘lib kelgan “maxfiylik madaniyati”ning qoralanishiga olib keldi.
O‘zbekiston Respublikasining yangi konstitutsiyasi 33-moddasida:
- har kim fikrlash, so‘z va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega;
- har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega;
- Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratadi deb belgilab qo‘yilgan.
Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi.
Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash uchun ko‘plab amaliy qadamlar mavjud. Masalan, davlat xaridlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish, davlat byudjetining ijrosi haqidagi hisobotlarni muntazam ravishda chop etish, mansabdor shaxslarning daromadlari va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni ochiq qilish, hamda axborot olish erkinligini taʼminlash shular jumlasidandir. Bundan tashqari, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish uchun jamoatchilik kengashlari va kuzatuv guruhlarini tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunining 4-moddasida Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplari qilib, ular tomonidan taqdim etiladigan axborotdan hammaning foydalanishi mumkinligi, uning o‘z vaqtida berilishi va ishonchliligi, ular faoliyatining oshkoraligi va shaffofligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etishda fuqarolarning o‘z shaʼni va qadr-qimmatini tajovuzlardan, o‘z shaxsiy hayotiga aralashuvlardan himoya qilishga bo‘lgan huquqlari va qonuniy manfaatlariga, shuningdek fuqarolar va yuridik shaxslarning o‘z ishchanlik obro‘sini himoya qilishga bo‘lgan huquqlariga rioya etish belgilangan.
Shuningdek, fuqarolarning axborotni erkin izlash va olishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini taʼminlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash hamda faoliyatini ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish maqsadida barcha davlat tashkilotlarida, ularning ochiqlik sohasida amalga oshiriyotgan ishlarni baholash uchun Ochiqlik indeksi joriy etilgan. Ushbu indeks asosida barcha davlat tashkilotlari, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari, O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarligidagi baholash komissiyasi tomonidan har yili baholanib boriladi. Natijasi, Agentlik tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinadi.
Ochiqlik va korrupsiyaga qarshi kurashni tartibga soluvchi qonunchilikning ishlab chiqilishidan oldin fuqarolar qandaydir maʼlumot, axborot yoki hujjat olish uchun albatta davlat tashkilotlarga murojaat qilishgan. Bu jarayondan davlat tashkilotlarining ayrim nopok xodimlari manfaatdor bo‘lishgan. Chunki davlat tashkilotlarining yopiqligi bilan, ishdagi kamchiliklarni yashirishga va fuqarolardan pora talab qilishga shart-sharoit yaratilgan. Shuning uchun ayrim fuqarolarda davlat tashkilotlariga nisbatan paydo bo‘lgan salbiy munosabat xozirgi kungacha saqlanib kelmoqda.
Zamonaviy texnologiyalar ham ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashda muhim rol o‘ynaydi. Elektron hukumat platformalari, onlayn xizmatlar va maʼlumotlar bazalari davlat xizmatlaridan foydalanishni osonlashtiradi va maʼlumotlarga kirish imkoniyatini kengaytiradi. Bu esa, o‘z navbatida, korrupsiya xavfini kamaytiradi.
Respublikada davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirish, inson omilini kamaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi.
Hozirgi kunda davlat xizmatlarini jismoniy va yuridik shaxslar uchun foydalanishga oson, qulay va shaffof shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini oshirish, aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda davlat xizmatini ko‘rsatishda barcha uchun teng sharoitlarni vujudga keltirish orqali inklyuziv muhitni yaratish maqsadida respublikamizning barcha tumanlarida faoliyat olib borayotgan Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 168 ta xizmatlarga davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Internet tarmog‘i orqali yaratilgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali esa 720 ta xizmatlarga davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahrida 2020 yilda “Xalq nazorati” elektron portali, davlat tashkilotlari hamda jamoatchilik o‘rtasidagi samarali hamkorlikni taʼminlash maqsadida ishga tushirilgan edi.
Ushbu elektron portal, shahar hokimiyatiga kelib tushgan murojaatni avtomatik tarzda aniq ijrochiga zudlik bilan yetkazib beradi, har bir murojaatga muayyan javob muddati belgilanadi va javoblar portalda ochiq holda eʼlon qilinadi va uning ko‘rib chiqilish jarayonini murojaatchi onlayn kuzatib borishi hamda bajarilganligini mustaqil baholashi mumkin. Agar murojaatchi tomonidan masalaning bajarilganligi tasdiqlanmasa, ushbu masala yechilmaydi va tumani hokimiyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) o‘z taʼsirini ko‘rsatadi.
Portal saytida taqdim etilayotgan elektron xizmatlar quyidagi muammolarini hal qilishga qaratilgan.
“Xalq nazorati” orqali uydan chiqmay, avtomobildan, kafeda, do‘konda yoki ko‘chada sayr qilib yurgan paytda ham elektron xizmatlardan foydalanish mumkin.
Buning uchun shunchaki ro‘yxatdan o‘tib, mavjud muammo haqida xabar yuborish kifoya.
Portalning maqsad va vazifalari
- foydalanuvchilar tomonidan yuborilgan xabarlarda ko‘rsatilgan kommunal, infratuzilmaviy, axborot va boshqa turdagi muammolarni hal etish bo‘yicha takliflarni amalga oshirish va kamchiliklarni bartaraf etishda masʼul ijrochilar ishini tashkil qilish;
- aholiga elektron makon doirasida davlat va masʼul idoralar bilan hamkorlik qilish imkoniyatini yaratish;
- shahar aholisi bilan munosabatlarda “qog‘ozsiz hujjat aylanishi” tamoyilini joriy etish;
- kommunal va boshqa xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida ularni ko‘rib chiqishning shaffof mexanizmlarini yaratish, muddatlarni qisqartirish va muammolarning hal etilishi ustidan ariza beruvchining shaxsiy nazoratini taʼminlash;
- aholining davlat tashkilotlariga murojaat qilish bilan bog‘liq xarajatlarini kamaytirish.
2025 yil 16-iyun kuni Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda bir oy ichida Toshkent shahrida qo‘llanilib kelayotgan “Xalq nazorati” elektron portalini butun respublika bo‘yicha barcha vazirlik, idora, hokimliklarda joriy qilish topshirig‘ini berildi.
Yuqorida ko‘rsatilgan tizimlarning yaratilganligi bilan, byurokratik tusiqlarning kamayishiga, maʼlumot olishning tezkorligi oshishiga, oshkoralik va shaffoflikning taʼminlanishiga, inson omilining kamayishiga va eng muhimi korrupsiyaning oldini olishiga erishildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ochiqlik va shaffoflikni targ‘ib qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini ham alohida qayd etish lozim. Nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik faollari hukumat faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirib, korrupsiya holatlarini aniqlash va ularga qarshi kurashishda muhim o‘rin tutadi. Ularning mustaqilligi va faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashning muhim shartidir.
Xulosa o‘rnida shuni taʼkidlash joizki, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash korrupsiyaga qarshi kurashning uzluksiz jarayonidir. Bunda barcha manfaatdor tomonlarning faol ishtiroki, xalqaro hamkorlik va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali davlat boshqaruvini yana-da takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga erishish mumkin.
Turdikulov Shuxrat Xudoykulovich,
Toshkent shahar hokimligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i, sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.

Toshkentda Respublika Tarmoqlararo Sanoat yarmarkasi bo’lib o’tadi.