Toshkent shahar hokimiyati rasmiy sayti
Shrift o‘lchami:
Rang sxemasi:
Tasvirlar:

Davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash – korrupsiyaning oldini olishning eng samarali mexanizmi

Yangi O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimini ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillari asosida tashkil etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash nafaqat aholining davlat boshqaruviga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, balki korrupsiyaviy xavflarning oldini olish, qaror qabul qilish jarayonlarining qonuniyligini taʼminlash hamda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-moddasiga muvofiq har kim davlat organlari va tashkilotlari faoliyati to‘g‘risida axborot olish huquqiga ega. Mazkur konstitutsiyaviy kafolatni amalga oshirish maqsadida davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonuni davlat organlarining jamoatchilik oldida ochiq va hisobdor bo‘lishini belgilab bergan bo‘lsa, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun davlat boshqaruvida shaffoflikni taʼminlashni korrupsiyaning oldini olishning asosiy choralaridan biri sifatida belgilaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat boshqaruvida ochiqlikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va raqamlashtirish sohasida qabul qilgan farmon va qarorlari davlat organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning elektron platformalar orqali jamoatchilikka eʼlon qilinishi, ularning qonuniyligi va shaffofligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratadi.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent shahar hokimligi Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida “E-qaror” tizimidagi hujjatlar monitoringini olib bormoqda.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida qabul qilinayotgan qaror va farmoyishlarning 67 foizi jamoatchilik uchun ochiqlanishi taʼminlandi. Mahfiylik saqlangan hujjatlar esa faqat qonunchilikda belgilangan xizmat doirasida foydalanish yoki shaxsga doir maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlardan iborat bo‘ldi. Bu esa davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilikning axborotdan erkin foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida muhim amaliy natija hisoblanadi.

Shuningdek, o‘tkazilgan tahlillar natijasida huquqiy va korrupsiyaviy xavflarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan 9 ta qaror va farmoyish loyihasi rad etildi, hujjatlarning 12 foizi esa qayta ishlash uchun tashabbuskorlarga qaytarildi. Ushbu ko‘rsatkichlar qabul qilinayotgan qarorlarning huquqiy sifatini oshirish, ularni qonunchilik talablariga to‘liq muvofiqlashtirish hamda korrupsiya omillarini barvaqt bartaraf etishga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, byudjet mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi ustidan amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari ham sezilarli natijalar bermoqda.

Tahlillar jarayonida Toshkent shahar hokimi qarorlari asosida ajratilishi rejalashtirilgan mablag‘lar har tomonlama o‘rganilib, 2 milliard so‘m byudjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishining oldi olindi. Bu esa davlat moliyaviy manfaatlarini himoya qilish, byudjet intizomini mustahkamlash va davlat mablag‘laridan oqilona foydalanishga qaratilgan profilaktik choralarning amaliy samarasini ko‘rsatadi.

Davlat xizmatiga qabul qilish jarayonlarida ham ochiqlik va xolislik tamoyillarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonuni, shuningdek «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi Qonun talablaridan kelib chiqqan holda nomzodlar har tomonlama o‘rganilmoqda.

Davlat xizmatiga halollik, xolislik va yuqori masʼuliyat tamoyillariga sodiq kadrlarni jalb etish hamda korrupsiyaviy xavflarni barvaqt bartaraf etish maqsadida tizimli o‘rganishlar o‘tkazildi. Xususan, ishga qabul qilinayotgan 93 nafar nomzod tegishli tartibda tekshirilib, 8 nafar nomzodning ishga qabul qilinishi rad etildi.

Taʼkidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqbuzarlik sodir etilganidan keyin chora ko‘rish emas, balki uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishdan boshlanadi. Zamonaviy komplayens tizimining asosiy vazifasi ham aynan profilaktika, tizimli tahlil va korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash orqali davlat boshqaruvida qonuniylikni taʼminlashdan iborat.

Toshkent shahar hokimligi Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur ishlar davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni yana-da mustahkamlash, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, qaror qabul qilish jarayonlarining qonuniyligini taʼminlash hamda aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda.

Kelgusida ham davlat boshqaruvida ochiqlik, qonuniylik va shaffoflikni taʼminlash, korrupsiyaviy xavflarni barvaqt bartaraf etish hamda zamonaviy komplayens mexanizmlarini yana-da takomillashtirish yo‘nalishida tizimli ishlar izchil davom ettiriladi.

 

 

Toshkent shahar hokimining komplayens

va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat

bo‘yicha o‘rinbosari                                                           M.Mirxamidov

Teglar:
O‘xshash yangiliklar
Avtomobillar soni 30 foizga oshdi, ammo tirbandlik 6 ballda saqlandi: YHTEM Vaziyatlar markazi Toshkent transport oqimini qanday boshqarmoqda?
03.09.2026, 10:37
Avtomobillar soni 30 foizga oshdi, ammo tirbandlik...

2026-yil 2-sentabr — yangi o‘quv yilining ilk kunida Toshkent ko‘chalaridagi transport oqimi 24-avgustdagi odatiy ish ku...

Hurmatli talabalar!
02.09.2026, 17:57
Hurmatli talabalar!

Toshkent shahrida talabalarning kundalik transport harakatini o‘rganish maqsadida qisqa so‘rovnoma o‘tkazilmoqda.📲 Botg...

Yangi o‘quv yili: poytaxt transport tizimi yuqori yuklamaga tayyor
02.09.2026, 10:12
Yangi o‘quv yili: poytaxt transport tizimi yuqori ...

🔺 Ertaga, 2-sentabr kuni, umumta’lim maktablarida 2026/2027-o‘quv yili boshlanadi. Shu munosabat bilan Toshkent ko‘chal...

Toshkentning elektr quvvati qanchaga oshmoqda?
02.09.2026, 10:00
Toshkentning elektr quvvati qanchaga oshmoqda?

🤩Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Toshkent shahar hokimligi ko‘magida poytaxt elektr ta’minoti tizimini yanada ...